BANK SKORINGI TIZIMIDA SUN’IY INTELLEKTNI QO‘LLASHDA XAVFLARNI BOSHQARISHNING HUQUQIY MEXANIZMLARI
Abstract
Maqolada bank kredit skoringida sun’iy intellekt (SI) tizimlarini joriy etishda xavflarni boshqarishning huquqiy mexanizmlari ko‘rib chiqilgan. Xalqaro standartlar va yondashuvlar — GDPR, Yevropa Ittifoqining SI to‘g‘risidagi reglamenti (EU AI Act) loyihasi, ISO/IEC 23894:2023 standarti hamda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi («Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonun, 2030 yilgacha SIni rivojlantirish strategiyasi va boshqalar) tahlil qilingan. Solishtirma tahlil va keyslar (Apple Card — AQSH, SCHUFA — Germaniya, Asia Alliance Bank — O‘zbekiston) asosida SIni kredit skoringida qo‘llashning asosiy xavflari aniqlangan: diskriminatsiya, algoritmlarning shaffof emasligi, iste’molchilar huquqlarining buzilishi va modellar muvofiqsizligi. Mavjud huquqiy choralar tahlil qilingan, jumladan, algoritmik diskriminatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, qarorlarning shaffofligi va tushunarliligini ta’minlash, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va avtomatlashtirilgan qarorlarga shikoyat qilish huquqi. Muhokama bo‘limida xalqaro tajribani hisobga olgan holda O‘zbekistonda bank kreditlash sohasida SIdan foydalanishni tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar berilgan — yuqori xavfli SI tizimlari uchun maxsus normativ hujjatlar ishlab chiqish, xavflarni baholash va algoritmlarni auditdan o‘tkazish majburiyati, adolat va shaffoflik tamoyillariga rioya etilishini kuchaytirish. Ushbu choralar SI tizimlarida algoritmik xatolar va suiiste’molchilik xavfini kamaytirishga, moliya sohasida ishonchni oshirishga va fuqarolar huquqlarini himoya qilish bilan innovatsiyalar o‘rtasida muvozanat ta’minlashga xizmat qiladi.